
Bugun ertalab qizimni maktabga tashlab kelib, endi xonamga ketayotganimda, oilam yangilikni aytib qoldi: "Steve Jobs o'libdi".
Bundan bir oycha oldin ham shu haqda Twitterda uning o'lganligi haqida mish-mish tarqagandi. O'shanda unchalik ta'sirlanmagandim. Lekin, bugun negadir biroz xomush tortdim.
Bu holatimdan o'zim ham biroz ajablandim. Chunki uyimda bironta ham Apple'ning mahsuloti yo'q. Tablet olgunimcha ham atayin Apple'ning raqobatchisi bo'lgan Samsung mahsulotini olgandim. O'tgan seshanba kuni o'tgan iPhone 4s'ning e'lon qilish marosimining ko'pchilik kutganiday yaxshi o'tmaganidan negadir xursand bo'lgandim. Menimcha, Ochiq Manba (Open Source) harakatining tarafdori bo'lganim uchun bo'lsa kerak. Yana bilmadim.
Yana o'ylay boshladim. Nega uning o'limi menga ta'sir qildi?
U haqdagi faktlarni eslay boshladim.
Birinchidan, u arabdir. Otasining ismi Abdulfattoh Jandali, suriyalik arab. Onasi, Joanne Schieble, uni tuqqanidan keyin, otasining ma'qullamasligidan qo'rqib, go'dakni bolalar uyiga topshiradilar. Keyinchalik, Jobs oilasi uni asrab olishadi.
Ikkinchidan, meni o'rab turgan jihozlarning barchasida unga tegishli bo'lgan nimadir bor. Personal kompyuter, sichqoncha, tablet va hk.
Apple ishlab chiqargan Apple Lisa personal kompyuteri birinchi bo'lib menyu qatori (menu bar), oynani yopadigan, pastga tushiradigan, kattartiradigan tugmachalarni ommaga ko'rsatdi. Hozirda hamma operatsion tizimlarda bular mavjud: Windows, Linux shular jumlasidan.
Steve Jobs kompyuter sichqonchasini ixtiro qilmagan. Lekin, sichqonchaning ommaviy ishlatila boshlashiga sabab, 1984 yilda u ishlab chiqargan Apple Macintoshdir.
Uchinchidan, oilaviy mazza qilib ko'radigan harakatli filmlar: Toy Story, Finding Nemo, Cars, Bug's Life, The Incredibles, Monsters Inc., bularning barchasi Steve Jobs 1986 yildan 2006 yilgacha egalik qilgan Pixar studiyasi tomonidan ishlangan.
Milliardlari ham Steve Jobsni o'limdan olib qololmadi. Vaholanki, u texnologiya olamida 30 yoshgacha milliarder bo'lgan ikki kishidan biri (ikkinchisi Bill Gates) edi.
---
O'lim bizga hayotning haqiqatini eslatadi. O'limni ko'rganimizda hayot haqida o'ylay boshlaymiz; qayerdan kelganmiz, qayerga borayapmiz. O'lim bilan duch kelganimizda, hayotimizdagi narsalarning asl qiymati haqida fikr yuritamiz. O'lim bilan yuzlashganda, ba'zan, "cool", "крутой", "dahshat" deb orqasidan quvib yurgan narsalarimiz, aslida hech qanday qiymatga ega bo'lmagan narsalar ekanligini anglab qolamiz.
Steve Jobs'da endi yo'q imkon menda va senda bor — hayot. Lekin bu sug'urtalanmagan boylik. Shu satrlani yozayotganimda bu boylik menda bor. Lekin ertaga ham shu narsa menda bo'lishligiga kim kafolat bera oladi?
Buddist sifatida dunyodan ketgan Steve Jobs, shunchalik dunyoga, shuhratga erishganiga qaramasdan, eng muhim narsasiz uni tark etdi.
Nima u?
U IYMONdir. Busiz, bu dunyoda erishgan barcha narsalarimiz, shamol uchirib o'ynayotgan arzimas bir xasga ham arzimaydi. Xorijda olingan bakalavr darajalarimizu, tanigan va birga bo'lgan go'zal qizlaru, xushbichim yigitlar, g'urur bilan ko'tarib yurgan iPhone'larimiz, o'lim qarshisida bularning hammasi hech narsaga arzimaydigan narsalardir.
Men chet elda o'qish, go'zal juftga ega bo'lish, Lexus'da yurish, iPhone'ga ega bo'lish noto'g'ri demoqchi emasman. Lekin, bu narsalarga iymon bilan egalik qilish haqida gapirayapman.
Kel, ey millatdosh, bugun hech qilmagan ishingni qilgin: Alloh haqida bir fikr yuritgin. Namoz o'qimasang namozni boshlagin. Qur'on o'qishni bilmasang hech bo'lmasa tarjimasini bo'lsa ham o'qigin.
Jilla qursa, Steve Jobs umrida biron marta ham qilmagan ishni (u otasiga biron marta ham qo'ng'iroq qilmagan) qil: uyingga telefon qilib ota-onangning ahvolini so'ragin.
No comments:
Post a Comment